Vazirlar Mahkamasining 6 may 2006 yildagi Farmoni

Nashr uchun talqin

Hujjatni yuklab olish (doc, 31 KB)

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
06.05.2006 y. N 78

"MIKROKREDITBANK" AKSIYADORLIK-TIJORAT BANKI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA UNING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TO`G`RISIDA


O`zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mikrokreditbank" aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish to`g`risida" 2006 yil 5 maydagi PF-3750-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda uning samarali faoliyatini tashkil etishni ta`minlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:

1. Quyidagilar:
"Mikrokreditbank" aksiyadorlik-tijorat banki Kuzatuvchi kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
(O`zR VM 17.12.2008 y. 273-son Qarori taxriridagi xat boshi) Mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari ko`rsatish tartibi to`g`risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. (O`zR VM 17.12.2008 y. 273-son Qarori taxriridagi xat boshi)

2. Quyidagilar "Mikrokreditbank" aksiyadorlik-tijorat banki Kuzatuvchi kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin: (O`zR VM 17.12.2008 y. 273-son Qarori taxriridagi xat boshi) bankning tadbirkorlik sub`ektlariga mikrokredit berish va mikrolizing bo`yicha ko`rsatiladigan xizmatlar sifatini va qulayligini oshirishga yo`naltirilgan uzoq muddatli siyosatini shakllantirish;
bank faoliyatini, shu jumladan kredit berish va mablag`larni investisiyalashning omonatchilar va aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilishni ta`minlaydigan tizimi joriy etilishini va uning samarali faoliyat ko`rsatishini nazorat qilish;
bankda korporativ boshqaruvning ahvolini va uning Boshqaruvi faoliyatini nazorat qilish;
bankka yuklangan vazifalarni va majburiyatlarni o`z vaqtida bajarish uchun uning yetarli darajada kapitallashtirilishini va likvidligini ta`minlash;
samarali faoliyat ko`rsatadigan, ayniqsa qishloq joylarda, filiallar va minibanklar tarmog`ini shakllantirish.

3. "Mikrokreditbank" markaziy apparat tuzilmasida Mikrokreditlar qaytarilishini va ulardan samarali foydalanilishini nazorat qilish bo`yicha maxsus monitoring guruhi tashkil qilsin.
Quyidagilar Monitoring guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mikrokredit mablag`laridan foydalanish samaradorligini muntazam ravishda puxta tahlil qilish;
mintaqaviy bo`limlarda mikromoliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, biznes-reja parametrlariga muvofiq kredit portfelining holati hamda mikrokreditlar bo`yicha ta`minlanishning holati monitoringini olib borish va ularni xolisona baholash;
mikrokreditlarning qaytariluvchanlik darajasini oshirish, ular bo`yicha to`lov muddati o`tgan qarzdorlikka yo`l qo`ymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko`rish.

4. "Mikrokreditbank"ning Kuzatuvchi kengashi va Boshqaruvi: (O`zR VM 17.12.2008 y. 273-son Qarori taxriridagi xat boshi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazish va bank faoliyatini amalga oshirish huquqiga lisenziya olish uchun zarur hujjatlar paketini bir hafta muddatda tayyorlasinlar va O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga taqdim etsinlar;
bankka yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi zaruriyatidan kelib chiqqan holda, o`n kun muddatda bank va uning filiallari tuzilmasini hamda shtatlar jadvalini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
ikki oy muddatda bank xodimlarini to`liq attestasiyadan o`tkazsinlar;
bankning markaziy apparatini hamda uning filiallarini bank bo`limlarida va mikromoliyalash sohasida ish tajribasiga ega bo`lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta`minlasinlar.

5. Belgilab qo`yilsinki, "Mikrokreditbank" boshqaruvi raisi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

6. Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 17 apreldagi 165-f-son farmoyishi bilan tuzilgan maxsus komissiya tomonidan "Tadbirkor" aksiyadorlik-tijorat banki mol-mulki kompleks xatlovdan o`tkazilganligi, uning filiallari va mini-banklarining asbob-anjomlar, hisoblash texnikasi va aloqa vositalari bilan ta`minlanishi o`rganilganligi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo`yicha takliflar tayyorlanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari uch oy muddatda "Mikrokreditbank"ning, ayniqsa qishloq joylardagi filiallari va mini-banklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.

7. O`zbekiston Banklar uyushmasi va Bank-moliya akademiyasi 2006-2008 yillar mobaynida o`qitish uchun to`lov undirmasdan "Mikrokreditbank" mutaxassislari uchun mikromoliyalashtirish xizmatlari bo`yicha maxsus kurslar tashkil etilishini ta`minlasinlar.

8. O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston Banklar uyushmasi, "Mikrokreditbank", Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, birinchi navbatda qishloq joylarda mikrokreditlar berish va mikrolizing xizmatlari ko`rsatish tartibi, tadbirkorlik sub`ektlari, shu jumladan kasanachilik bilan shug`ullanuvchilar, shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo`jaligida band bo`lganlar tomonidan mikrokreditlar olish uchun biznes-rejalar tayyorlash bo`yicha doimiy asosda seminarlar va o`quv kurslari o`tkazilishini ta`minlasinlar.

9. "Mikrokreditbank" O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Matbuot va axborot agentligi, Markaziy bank, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi va O`zbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda 2006-2007 yillarda ommaviy axborot vositalarida bank faoliyatini va uning ko`rsatadigan xizmatlarini keng yoritishga doir kompleks tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, ularda respublika ommaviy axborot vositalarida reklama materiallarining to`lov undirmasdan e`lon qilinishini nazarda tutsinlar.

10. O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari R.S.Azimov hamda O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov zimmasiga yuklansin.


O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri
Sh.Mirziyoev

Valyutalar kursi

20.11.2019 holatiga kora

Sotib olish Sotish OzR MB
USD 9480.00 9530.00 9500.96
EUR 10200.00 10700.00 10498.56
GBR 12000.00 12500.00 12255.29
JPY 85.00 90.00 87.38

Valyutalar konvertori